Fanlab

Fizika · Molekulyar fizika va termodinamika · 9-sinf

Havo namligi va shudring

Muzdek stakan nega “terlaydi”, konditsioner esa xonani qanday quritadi?

Tajribani ochish

Vaziyat

Yozning issiq kunida muzlatkichdan olingan muzdek suvni stakanga quyasiz — bir daqiqada stakan sirti “terlab”, tomchilar oqa boshlaydi. Qishda esa deraza oynasi xira tortadi, konditsioner tagidagi trubkadan yozda suv tomchilaydi. Bu suv qayerdan keladi? Nega u stakanning faqat suv to‘ldirilgan qismida paydo bo‘ladi va nega ikki qavat oyna kamroq terlaydi?

Mavzu

Havo namligi. Konditsioner va shudring nuqtasi

Asosiy tushunchalar

  • To‘yingan bug‘ bosimi
  • Nisbiy namlik
  • Shudring nuqtasi

Formulalar

φ=ees(T)⋅100%

Nisbiy namlik: havodagi bug‘ bosimi shu haroratdagi to‘yingan bug‘ bosimiga nisbatan.

es(T)=6,112⋅exp⁡(17,62T243,12+T) hPa

Magnus formulasi (T — °C da). To‘yingan bug‘ bosimi harorat bilan keskin oshadi.

Td=243,12γ17,62−γ,γ=ln⁡φ+17,62T243,12+T

Shudring nuqtasi: havoni shu haroratgacha sovutsak, bug‘ to‘yinadi (φ — ulushda).

ρ=eRvT

Absolyut namlik — 1 m³ havodagi bug‘ massasi (Rv=461,5 J/(kg·K), T — K da).

e=es(Th)−Ap(T−Th)

Psixrometr: ho‘l termometr bug‘lanish tufayli soviydi. A≈6,6⋅10−4 K⁻¹.

Nazariya

To‘yingan bug‘

Suv sirtidan molekulalar doim uchib chiqadi va qaytib tushadi. Bug‘ bosimi ma’lum qiymatga — to‘yingan bug‘ bosimi es ga yetganda, chiqish va qaytish tenglashadi. es harorat bilan keskin oshadi: 30 °C da 0 °C dagidan qariyb 7 marta katta (grafikda ko‘ring). Shuning uchun issiq havo ko‘proq bug‘ “sig‘diradi”.

Shudring nuqtasi

Havoni bug‘ miqdorini o‘zgartirmay sovutsak, e o‘zgarmaydi, es esa kamayadi — nisbiy namlik oshadi. Shudring nuqtasi Td da havo to‘yinadi. Harorati Td dan past sirtda bug‘ suvga aylanadi: muzdek stakan, qishki deraza oynasi, konditsionerning sovutkich radiatori. Stakan faqat sovuq suv tegib turgan joyida — suv sathidan pastda terlaydi.

Konditsioner havoni nega quritadi?

Xona havosi sovutkich radiatordan o‘tadi. Radiator harorati shudring nuqtasidan past bo‘lsa, bug‘ unda kondensatsiyalanib, trubka orqali tashqariga oqizib yuboriladi — xonada bug‘ kamayadi. Radiator Td dan iliq bo‘lsa, havo faqat soviydi, qurimaydi. Qishda esa aksincha: sovuq tashqi havo isitilganda es oshib, nisbiy namlik pasayadi — isitiladigan xonalarda havo quruq bo‘ladi.

Psixrometr va model

Ho‘l termometr bug‘lanish issiqligini yo‘qotib, quruq termometrdan pastroq harorat ko‘rsatadi; havo qancha quruq bo‘lsa, farq shuncha katta. Ikki ko‘rsatkich bo‘yicha jadvaldan φ topiladi. Model soddalashtirilgan: xona yopiq (V = 54 m³), unda bug‘ manbai (odamlar, ovqat pishirish) va shamollatish yo‘q, xona harorati termostat bilan ushlab turiladi, radiator harorati o‘zgarmas, havoning 15 % i radiatorga tegmay o‘tadi. Vaqt 30 marta tezlashtirilgan.

Atmosferadagi hodisalar

Havo bug‘ miqdorini o‘zgartirmay soviganda nisbiy namlik oshadi va shudring nuqtasida havo to‘yinadi — atmosferadagi ko‘p hodisalar shundan. Tunda yer va o‘tlar nurlanib soviydi: sirt harorati Td dan pastga tushsa, shudring, Td<0 °C bo‘lsa, qirov hosil bo‘ladi. Yer yaqinidagi havo butun hajmi bilan sovisa — tuman. Ko‘tarilayotgan havo kengayib soviydi (quruq havo har kilometrda taxminan 10 °C ga): Td ga yetgan balandlikda bulut paydo bo‘ladi, tomchilar yiriklashib yomg‘ir, sovuqda qor bo‘lib tushadi. Kunduzi harorat oshgani uchun nisbiy namlik pasayadi, tunda esa oshadi. Odam uchun qulay nisbiy namlik taxminan 40–60 %.

Gigrometrlar va laboratoriya ishi

Gigrometr — namlik o‘lchagich. Kondensatsion gigrometrda yaltiroq sirt sekin sovitiladi va unda shudring paydo bo‘lgan harorat Td o‘lchanadi: φ=es(Td)/es(T) — sahnadagi muzdek stakan aynan shunday ishlaydi. Sochli gigrometrda yog‘sizlantirilgan soch namlikda uzayib, strelkani buradi (aniqligi kamroq); elektron gigrometrlarda kondensator dielektrigi namlikni yutadi va sig‘imi o‘zgaradi. Avgust psixrometri — yonma-yon ikki termometr, bittasining sharchasi ho‘l mato bilan o‘ralgan. Laboratoriya ishi: «Noma’lum havo» rejimini yoqing (namlik yashiriladi), termometrlar barqarorlashguncha kuting, quruq termometr ko‘rsatkichi t va farq Δt=t−th ni yozing, psixrometrik jadvaldan φ ni toping (kerak bo‘lsa, satrlar orasida interpolyatsiya qiling) va javobingizni tekshiring. Ikkinchi usul — stakan bilan shudring nuqtasini topib, φ ni formuladan hisoblash. Suv to‘yingan bug‘ bosimi tashqi bosimga tenglashganda qaynaydi — “Erish, qaynash va bug‘lanish” tajribasida.

Bilasizmi?

  • 30 °C da 1 m³ havo ko‘pi bilan taxminan 30 g suv bug‘ini ushlay oladi, 0 °C da esa atigi ≈ 5 g. Shuning uchun sovuq havo hatto 100 % namlikda ham “quruq” bo‘ladi.
  • Tuman va bulutlar ham shudring nuqtasi tufayli hosil bo‘ladi: havo soviganda bug‘ mayda tomchilarga aylanadi. Ertalabki shudring — tunda sovigan o‘tlar sirtidagi kondensat.

Tajribada nima bor

Tajriba hayotiy vaziyatdan boshlanadi: natijani taxmin qilasiz, boshqaruvlarni o‘zgartirib tajriba o‘tkazasiz va xulosa chiqarasiz. Ichida topshiriqlar, nazariya, test va ekskursiya bor — kamera o‘zi harakatlanib, eng muhim joylarni tushuntiradi.

Shu bo‘limdagi boshqa tajribalar